2025-yil 5-aprel, ertalab soat olti bilan o'n bir orasi: Chimyon dam olish zonasining yon bag'ridan 750 kub metr qor ko'chdi. Aprelning boshi edi. Toshkentda o'rik gullab bo'lgan, odamlar yengil kiyimda yurardi — 1 600 metrda esa hali qish turardi.
Bahorda savol doim bitta: qayerga bugun borsa bo'ladi, qayerga hali erta. Javob balandlikka bog'liq, va uni taxmin bilan emas, raqam bilan aytsa bo'ladi.
Qor qaysi oyda ketadi#
Quyidagi sonlar ERA5-Land qayta tahlilining 2015–2024 yillardagi kunlik qatoridan olingan (Open-Meteo arxivi orqali); yog'in esa ERA5 ning o'zidan, chunki ERA5-Land yog'in bermaydi. Ikki nuqta olindi: Chimyon bazasi yonidagi katak — modelda 1 629 metr, va Piskom vodiysining yuqorisidagi katak — 2 586 metr. Ustundagi son — shu oyda yerda qor yotgan kunlar ulushi.
Jadvaldan uchta xulosa chiqadi.
1 600 metr aprelda bo'shaydi. Martda qor deyarli har kuni yotadi, aprelda kunlarning to'rtdan uchida, mayda esa amalda yo'q. O'rtacha qalinlik fevralda 114 santimetr, aprelda 37 ga tushadi, may boshida nolga yaqin. Ya'ni Chimyon atrofidagi pastki so'qmoqlar aprelning ikkinchi yarmida ochiladi — lekin shimolga qaragan soya yon bag'irlarda qor dog'lari mayda ham qoladi. Aynan shu dog'lar ustida odam ko'p toyadi: yuqorisi yumshoq, ostida muzlagan qatlam.
2 500 metr may oxirigacha yopiq. Aprelda qor yuz kunning to'qson to'qqiztasida yotadi, o'rtacha qalinligi bir metrga yaqin. Mayda ham kunlarning uchdan birida qor bor. Kumbel dovoni, Pulatxon platosi, har qanday uch minglik — bularning hammasi amalda iyundan boshlanadi. Bazada Kumbel dovoni va Pulatxon platosi uchun yozilgan oylar aynan may–oktabr, va bu tasodif emas.
Mart — eng ho'l oy. 1 629 metrga yiliga 1 012 mm yog'in tushadi va uning eng katta ulushi martga to'g'ri keladi — 156 mm. Iyul bilan avgust birgalikda atigi 47 mm beradi. Aprel ham quruq emas: 122 mm bilan yilning ikkinchi o'rnida.
Martda qayerga borsa bo'ladi#
Martda tog' emas, adir ishlaydi. Quyidagilar — bazadagi yozilgan chiziqlar, hammasi mart oyi uchun ochiq. Uzunlik va ko'tarilish jamoaning GPS yozuvlaridan hisoblangan, vaqt esa yozuvdagi haqiqiy vaqt.
| Yo'l | Uzunlik | Ko'tarilish | Vaqt | Qiyinlik |
|---|---|---|---|---|
| Katta Tovoqsoy sharsharasi | 5,2 km | 410 m | 3 soat | oson |
| Quduq sharsharalari | 3,6 km | 151 m | 2 soat 35 daq | oson |
| Obirahmat groti | 9,0 km | 393 m | 3 soat 15 daq | oson |
| Tovoqsoy «Katta kanyon» | 6,2 km | 489 m | 3 soat 50 daq | o'rtacha |
| Ozodbosh sharsharalari | 10,3 km | 660 m | 4 soat 15 daq | o'rtacha |
| Saritepa qirrasi | 7,1 km | 815 m | 4 soat 20 daq | o'rtacha |
| Patandezboshi | 6,0 km | 856 m | 3 soat 20 daq | o'rtacha |
Bularning eng balandi 1 800 metrda tugaydi — ya'ni martdagi qor chizig'idan past. Ro'yxatni uzaytirmoqchi bo'lsangiz, Achiqko'l ko'llari tomonidagi tepaliklar bor: 17,4 km, 535 metr ko'tarilish, yetti soat, eng baland nuqtasi 1 211 metr. Uzun, lekin tik emas.

Qayerga hali erta#
Aprelda «Chimyonga chiqamiz» deb chiqqan odam ko'pincha yarim yo'ldan qaytadi. Sabab jadvalda ko'rinib turibdi. Katta Chimyonga Kumbel orqali boradigan chiziq 3 275 metrgacha ko'tariladi va 14,5 km yo'lda 2 260 metr beradi; bazada uning oylari iyun–oktabr deb yozilgan. Ko'kbet 2 277 metrgacha chiqadi, Chiltenbobo 2 650 metrgacha — ikkalasi ham aprelda qor bilan tugaydi.
Qoida oddiy: aprelda 2 000 metrdan yuqorisini rejalashtirsangiz, qor va koshka bilan yurishga tayyor bo'ling yoki rejani o'zgartiring. Mayda chegara 2 500 metrga ko'chadi, iyunda cheklov qolmaydi.

Lola qachon ochiladi#
Lola bir kunda ochilib, bir haftada so'ladi, shuning uchun sana muhim. Toshkent atrofidagi tog'larda tartib quyidagicha: aprel boshida Kaufman lolasi va chimyon lolasi, aprel o'rtasi va oxirida Grig lolasi balandroqda ochiladi. Aprelning o'rtalarida adirlar lolaqizg'aldoq bilan qoplanadi.
Amalda bu shunday bo'ladi: aprelning birinchi o'n kunligi — 1 000–1 500 metrdagi adirlar; aprelning oxiri — 1 500–2 000 metr. Quyidagi to'rttasi shu oraliqda turadi va hammasiga yozilgan chiziq bor.
- Patandezboshi, 1 806 m — tik va qisqa chiqish: 6 km, 856 metr, uch soat yigirma daqiqa.
- Paltov tog'i, 2 027 m — quyi vodiy bo'ylab 7,7 km, ko'tarilish atigi 257 metr. Bolalar bilan ham bo'ladi.
- Mingtuxum, 1 953 m — tik ko'tarilish: 11,2 km va 883 metr.
- Syurenata, 2 024 m — qisqa variant 3,4 km va 449 metr; Toshkentga eng yaqin ikki minglik.
Sharshara bahorda eng to'la#
Sharsharaning suvi qor erishidan keladi, shuning uchun eng kuchli payt — mart va aprel. Iyun oxiridan keyin ko'pchiligi ingichkalashadi, avgustda ba'zilari umuman quriydi.
Katta Tovoqsoy sharsharasi uchun bazada yozilgan oylar — mart, aprel, may, xolos. Ozodbosh va Quduq martdan iyungacha ishlaydi, kuzda yana biroz jonlanadi. Qizildaryo sharsharasi Qashqadaryoda martdan ochiq: yo'li 5,4 km, 289 metr, bir soat yigirma daqiqa. To'liq ro'yxat sharsharalar to'plamida.
Suv ko'p bo'lgani bir tomondan yaxshi, ikkinchi tomondan muammo: bahorda soy kechuvlari yozdagidan ancha chuqur va tez oqadi. Tizzadan yuqori va oqimi kuchli suvga kirmang, ayniqsa yolg'iz bo'lsangiz. Ertalab o'tilgan soy kechqurun qaytishda balandroq bo'lishi mumkin — quyosh kun bo'yi qorni eritadi.
Bahor uchun nima o'zgaradi#
Yozgi odatdan uchta farq bor.
Oyoq ho'l bo'ladi. Erigan qor so'qmoqni loyga aylantiradi. Membranali botinka bahorda o'zini oqlaydi — yozda unchalik emas. Ikkinchi juft paypoq xaltada tursin.
Kun hali qisqa. 21-martda Chimyon kengligida kunduz 12 soat 12 daqiqa davom etadi: quyosh 06:21 da chiqib, 18:33 da botadi. 15-aprelda 13 soat 18 daqiqa. Ya'ni martda soat to'rtda qaytishni boshlagan ma'qul, aksincha qorong'ida tushasiz.
Tepada sovuq. Aprelda 1 629 metrda kunduzgi eng yuqori harorat o'rtacha 12 °C, kechasi esa 0 °C atrofida. Quyosh chiqqanda mayka yetadi, bulut kelganda qo'lqop kerak bo'ladi — ikkalasi ham xaltada bo'lsin. Qor ustida quyoshdan himoya kremini ham unutmang: toza qor ultrabinafsha nurning 80 foizigacha qismini qaytaradi, ya'ni yuzingizni pastdan ham urib turadi.
Bahorda ochiladigan joylarning to'liq ro'yxati «Bahorda» to'plamida. U ro'yxat qo'lda tuzilmaydi: bazadagi har bir joyning o'z oylari yozilgan va to'plam shu bo'yicha yig'iladi.