Qishda va qorda yurish: nima o'zgaradi, nima xavfli

Yorug' kun 15 soatdan 9 soatga tushadi, ko'chkilarning 96 foizi 30–50 daraja yon bag'irda boshlanadi. Sovuq, qor ko'rligi va qishki marshrutlar.

Qishda va qorda yurish: nima o'zgaradi, nima xavfli
German Stimban · CC BY-SA 4.0 · Wikimedia Commons

2023-yil 2–4 yanvarda O'zgidromet Bo'stonliq tumanidagi Chimyon hududi uchun qor ko'chkisi xavfini e'lon qildi va tog'dagi aholi, dam oluvchilar hamda haydovchilardan ehtiyot choralarini ko'rishni so'radi. O'sha kunlari shamol 17–22 m/s gacha kuchaydi. Bunday ogohlantirish har qish bir necha marta chiqadi va ko'pchilik uni umuman o'qimaydi.

Qishda tog' boshqa joyga aylanadi. O'sha yo'l, o'sha nom, lekin boshqa qoidalar. Quyida — nima o'zgarishi va nimaga alohida qarash kerakligi.

Kun ikki barobar qisqa#

Eng oddiy, eng ko'p unutiladigan farq. Toshkentda iyunda yorug' kun 15 soat, dekabrda 9 soat:

Toshkentda yorug' kun uzunligi
Toshkentda yorug' kun uzunligi9,2 soat … 15,2 soat05101520 soatYanFevMarAprMayIyunIyulAvgSenOktNoyDek
Toshkentda yorug' kun uzunligi
YanFevMarAprMayIyunIyulAvgSenOktNoyDek
Soat9,710,912,213,614,715,214,713,612,210,99,79,2

Har oyning 21-kuni uchun hisoblangan. Tor darada haqiqiy qorong'ilik 30–60 daqiqa oldin keladi. · Manba: NOAA quyosh kalkulyatori formulalari bo'yicha hisob, Toshkent 41,31° sh.k.

Dekabrda quyosh 07:43 da chiqadi va 16:53 da botadi. Ya'ni Toshkentdan soat sakkizda chiqib, o'nda yo'l boshida bo'lsangiz, sizda oltin yarim kun bor — va qaytish vaqti soat ikki, uch emas.

Qorda yurish tezligi ham tushadi. Qattiq qorda deyarli o'zgarmaydi, tizzagacha yumshoq qorda esa uch barobar sekinlashadi. Naismith hisobini qishda ikkiga ko'paytiring.

Qor ko'chkisi: 30 dan 50 darajagacha#

Ko'chki qaysi yon bag'irda tushishini geometriya hal qiladi. Shveytsariyada qayd etilgan mingdan ortiq ko'chkining 96 foizi 30–50 daraja tiklikdagi yon bag'irlarda boshlangan, ko'pchiligi esa 34–45 daraja oralig'ida. 30 darajadan yassiroq yon bag'irda ko'chki kam bo'ladi, 50 darajadan tikroqda esa qor to'planib ulgurmaydi.

Amaliy tarjimasi: chang'i uchish yoki chana uchish uchun qulay tuyulgan yon bag'ir — bu aynan ko'chki tushadigan tiklik.

Ogohlantiruvchi belgilar:

BelgiNimani anglatadi
So'nggi 24–48 soatda ko'p qor yoqqanEng xavfli davr
Kuchli shamol qorni bir tomonga to'plagan, qirra ortida yostiqcha hosil bo'lganShamol taxtasi — beqaror qatlam
Qadam ostida «uf» degan bo'g'iq ovoz eshitiladiQor qatlami cho'kyapti — juda yomon belgi
Qorda o'z-o'zidan yoriq paydo bo'lyaptiTaxta qatlam bo'shab turibdi
Atrofda yangi ko'chki izlari borBoshqa yon bag'irlar ham beqaror

Qishda ko'chki xavfi bo'lmagan joylarni tanlang: keng vodiy tubi, yassi qirra, o'rmon ichidagi yo'l. Daydidagi qishki marshrutlar aynan shunday tanlangan — Lashkarak sharsharalari, Ozodbosh sharsharalari, Saritoba, Syurenata.

Beldersoy vodiysi, 1600 m — qishda kurort, kanat yo'li 2300 metrga ko'taradi
Beldersoy: qishda ishlaydigan kam joylardan biri. Kanat yo'li Kumbel tepasiga olib chiqadi, lekin undan narigi yon bag'irlar boshqa masala.German Stimban · CC BY-SA 4.0 · Wikimedia Commons

Sovuq: qaltirash yaxshi belgi, uning to'xtashi yomon#

Gipotermiya — tana ichki haroratining 35 darajadan pastga tushishi. Yengil bosqichda (35–32 daraja) qaltirash to'liq ishlaydi va u aslida foydali: qaltirash tanani o'zi isitadi.

Dala sharoitida termometr yo'q, shuning uchun xalqaro yo'riqnoma oddiy tekshiruv beradi:

  • Odam qaltirayapti, lekin o'zini mustaqil eplayapti — u sovqotgan, lekin gipotermiya emas.
  • Odam qaltirayapti va o'zini eplay olmayapti (tugmani qadaya olmaydi, sumkasini ocholmaydi, javobi kechikadi) — ehtimol gipotermiya. Shubha bo'lsa, gipotermiya deb hisoblang.

Nima qilinadi:

  1. Shamoldan va yerdan ajrating. Yon bag'irning panasi, chodir, kovrik. Yerga tegib turgan odam issiqlikni tezroq yo'qotadi.
  2. O'rab qo'ying. Uyqu xaltasi — ustiga yopilmaydi, ichiga solinadi va fermuar yopiladi. Ustidan plyonka yoki tent — bu bug' to'sig'i va u izolyatsiyani quruq saqlaydi.
  3. Ho'l kiyimni faqat odam sovuqdan himoyalangandan keyin yeching. Shamolda yechintirish holatni yomonlashtiradi.
  4. Bosh va bo'yinni yoping.
  5. Issiq, shirin ichimlik va ovqat bering — agar odam hushida bo'lsa va yuta olsa. Qaynoq emas, iliq.
  6. Darrov yurdirmang. Odam isib, qaltirashi tiklanguncha o'ttiz daqiqacha kuting: birdan yurish tana ichki haroratini yana tushiradi.

Og'irroq bosqichda (32 darajadan past) odam hushini yo'qota boshlaydi va qaltirash to'xtaydi. Bu holatda faqat tashqi issiqlik yordam beradi, odamni ehtiyotkorlik bilan, gorizontal holatda olib yuriladi va darhol yordam chaqiriladi: 112, 1050.

Qor va quyosh#

Yangi yoqqan qor ultrabinafsha nurni shunchalik kuchli qaytaradiki, odamning oladigan ulushi deyarli ikki barobarga oshadi. Bunga har 1000 metrga 10 foizlik balandlik qo'shimchasini qo'shing — va fevraldagi bulutli kunda ham yuzingiz kuyishi mumkin.

Qor ko'rligi — ko'z shox pardasining kuyishi — bir necha soatdan keyin boshlanadi: ko'zga qum tushgandek og'riq, yosh oqishi, yorug'likka chiday olmaslik. U odatda bir-ikki kunda o'tadi, lekin o'sha kuni odamni ko'r qiladi. Yechim bitta: quyosh ko'zoynagi, yon tomonlari yopiq bo'lsa yaxshi. Zaxira ko'zoynak sumkada bo'lsin.

Kiyim va anjom: nima o'zgaradi#

YozdaQishda
BotinkaBotinka + gamash (baxil), qor ichiga kirmasligi uchun
TayoqTayoq + keng disk (qorga botmasligi uchun)
Shamol kurtkasiShamol kurtkasi + issiq kurtka (tanaffusda kiyiladi)
Qo'lqop shart emasIkki juft qo'lqop; bittasi ho'l bo'ladi
3 l suv1,5–2 l issiq choy termosda; shishadagi suv muzlaydi
Zaxira paypoq va zaxira qo'lqop, suv o'tkazmas xaltada
Qattiq qorda: koshka yoki mikroshiplar

Ikkita alohida eslatma. Birinchisi: termos oddiy shishadan yaxshi, chunki sovuqda suv ichgingiz kelmaydi va siz suvsizlanasiz. Ikkinchisi: zaxira qo'lqop — qishdagi eng arzon sug'urta; ho'l qo'lqop bilan qolgan odam hech narsa qila olmaydi.

Qattiq qor: sirg'anish#

Qish oxiri va bahorda qor kunduzi eriydi, kechasi muzlaydi va ertalab beton qattiqligida bo'ladi. Bunday qorda tik yon bag'irga chiqqan odam sirg'ansa, o'zi to'xtay olmaydi — tezlik bir necha soniyada xavfli darajaga yetadi.

Shuning uchun qattiq qorli tik yon bag'irga muz boltasi va koshkasiz chiqmang, va bu anjomlarni birinchi marta o'sha yerda emas, avvalroq o'rganing. Katta Chimyon g'arbiy qirrasida qor iyungacha yotadi — ya'ni bu «qishki» masala emas, may oyidagi masala ham.

Qishda qayerga borish mumkin#

Qish tog'ni yopmaydi, faqat ro'yxatni qisqartiradi. Ishlaydigan variantlar:

Va bitta qoida hamma narsadan ustun turadi: qishda yolg'iz yurmang. Yozda yo'l chetida bir soat o'tirish noqulaylik, qishda esa bu boshqacha tugaydi.

Manbalar

  1. Avalanche.org — slope angle (96% of avalanches release on 30–50° slopes)
  2. Gazeta.uz — Узгидромет объявил лавинную опасность в урочище Чимган (2–4 января 2023)
  3. WMS clinical practice guidelines for accidental hypothermia, 2019 update (PDF)
  4. WHO — ultraviolet radiation: fresh snow almost doubles UV exposure
  5. NOAA solar calculator — daylight length by month
Qaysi joy haqida
Beldersoy
Vodiy · Toshkent
1 600 m

Barcha maqolalar